NAMUNALI KENGASH: UYCHI TUMANI MISOLIDA
Xalq deputatlari Uychi tumani Kengashida «Mahalliy Kengashlar faoliyatini namunali tashkil etishning ustuvor yo’nalishlari: muammo va yechimlar» mavzusida xalq deputatlari Namangan viloyati, shahar, tuman (shahar) Kengashlari deputatlari uchun ko’rgazmali seminar tashkil etildi.
Unda O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining bo’lim mudiri A.Altiyev, senator, «Nuroniy» jamg’armasi viloyat bo’limi boshlig’i I.Najmiddinov, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlarining doimiy komissiyalari raislari, deputatlik guruhi rahbarlari, shahar va tuman Kengashlarining kotibiyat mudirlari, siyosiy partiyalar raislari, OAV vakillari, «Zoom» platformasi orqali Oliy Majlis Senatining Hududiy vakillik organlari faoliyatini o’rganish markazi direktori boshchiligidagi markaz xodimlari qatnashdilar.
Seminar ishtirokchilari dastlab xalq deputatlari tuman Kengashi kotibiyati, doimiy komissiyalar faoliyati uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdilar. Tuman Kengashi kotibiyati xonalari xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlari faoliyatini namunali tashkil etish mezonlari asosida jihozlanib, me’yoriy hujjatlar tayyorlandi. Kengash raisi, kotibiyat mudiri, mutaxassislar, doimiy komissiyalar hamda media markaz xonalari zamonaviy texnikalar bilan jihozlandi.
Tuman hokimligining majlislar zalida bo’lib o’tgan seminarni xalq deputatlari Namangan viloyat Kengashining raisi S.Muminov ochdi. Senator O.Mamatkarimov Oliy Majlis Senati Kengashining tegishli qaroriga asosan Namangan viloyati bo’yicha xalq deputatlari Uychi tumani Kengashi faoliyati namunali yo’lga qo’yiladigan Kengashlar ro’yxatiga kiritilgani va namunali Kengash faoliyatini tashkil qilish bo’yicha tumanda ijobiy ishlar amalga oshirilganini e’tirof etdi.
Seminarda xalq deputatlari tuman Kengashi doimiy komissiyalari raislari doimiy komissiyalar faoliyatini tashkil etish bo’yicha tajribalaridan so’zlab berishdi.
Seminar yakunida tuman hokimi, xalq deputatlari tuman Kengashi raisi Sh.Musayev so’zga chiqib, namunali Kengash faoliyatini tashkil etishdagi amaliy ko’mak uchun minnatdorchilik bildirdi.
Xalq deputatlari va doimiy komissiyalar orasida faoliyati bilan ajralib turgan, tashabbuskor va namunaviy deputatlar, OAV vakillariga xalq deputatlari Namangan viloyat Kengashining «Tashakkurnoma»si hamda qimmatbaho sovg’alar topshirildi. Jumladan, korrupsiyaga qarshi kurashish va xavfsizlik masalalari bo’yicha doimiy komissiyasi (raisi Ra’noxon Nazarova) birinchi yarim yillikning eng faol doimiy komissiyasi deb, tuman Kengashi deputatlari Raxmatjon Valiyev, Mohira Xolmirzayeva, Anvarjon Tojiboyev eng faol deputat deb, tuman hokimligi axborot xizmati rahbari Muhammadali Qambarov tuman Kengashi faoliyatini yoritishda tashabbuskorlik ko’rsatgan faol OAV xodimi deb topildilar.
Seminar ishtirokchilari shu kuni 18-Gulzor saylov okrugidan deputat A.Nasriddinovning «mahalla yettiligi» bilan o’zaro hamkorlikdagi faoliyati bilan ham tanishdilar. Mahallada keyingi yillarda jinoyatchilik, oilaviy ajrimlarning yo’qligi, infratuzilma yaxshilangani, aholi murojaatlari bilan ishlashda tizimli ish tashkil qilingani e’tirof etildi.
Nargiza DEDAXANOVA,
xalq deputatlari tuman Kengashi kotibiyati mudiri.

