EPIDEMIK PAROTIT (TEPKI) NIMA?
Epidemik parotit – o’tkir yuqumli kasallik bo’lib, qo’zg’atuvchilari paramiksa viruslar hisoblanadi. Kasallikning klinik kechishi isitma, umumiy intoksikatsiya, quloq oldi va so’lak bezlarining, ba’zan jinsiy bezlarni, oshqozon osti bezi va asab tizimining shikastlanishi bilan xarakterlanadi.
Patogenezi: virus yuqori nafas yo’llari orqali organizmga kirib, quloq oldi va so’lak bezlariga joylashadi. U yerdan qon va so’lak bezlari orqali boshqa organlarga o’tadi. Dastlab virus quloq oldi bezi hujayralarida ko’payadi va shu joyda virusemiya chaqiradi. Qon orqali qalqonsimon bez hamda jinsiy bezlarda joylashib oladi, ularni zararlaydi. Virus tashqi muhitga chidamsiz, 3-5 daqiqada 50 foizli spirt va 1 foizli lizol eritmasida 20 daqiqada nobud bo’ladi, 55-60 daraja issiqlik haroratda halok bo’ladi, -250 va -700OC past haroratda uzoq muddatgacha saqlanib qoladi.
Yuqish yo’li: kasallikning yuqishi asosan havo tomchi yo’llar orqali va kasallanish 14 yoshgacha bo’lgan bolalar o’rtasida ko’proq kuzatiladi.
Davolash: kasallikni davolashda asosan simptomatik davo qo’llaniladi. Umumiy intoksikatsiyaning oldini olish hamda antibiotiklar bilan davolanadi.
Profilaktikasi: epidemik parotitning oldini olishda umumiy sanitariya-gigiyenik va alohidalab qo’yish, shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilish, ayniqsa, bolalar muassasalarida guruhdagi yoki maktablarda kasallik aniqlangan sinflarda 21 kunga karantin e’lon qilinadi, guruhdagi bolalar nazoratga olinadi. Hamda paratitga qarshi profilaktik emlash ishlarini olib borish chora-tadbirlari qo’llaniladi. Kasallikning oldini olishda rejali emlash ishlarini olib borish bolalar o’rtasida kasallanishni keskin kamaytiradi.
Hozirda bola 1, 6 yoshga to’lganda epidemik parotitga qarshi profilaktik emlashni oladi.
Bemor uy sharoitida 9 kun davomida alohidalab qo’yiladi, kasallik og’ir kechganda shifoxonada yotib davolanadi. Bemor yotgan xonani tez-tez shamollatiladi va ho’l latta bilan namli tozalov ishlari o’tkazib turiladi.
Tibbiyot xodimlarining uyma-uy yurib bergan tavsiyalariga amal qilishingizni so’raymiz.
F.XAYRULLAYEV,
tuman SEO va JSB epidemiologiya bo’limining oliy toifali epidemiolog vrach yordamchisi.

