SIL – HANUZ XAVFLI
Sil ya’ni tuberkulyoz qadimdan ma’lum bo`lgan, bugungi kunda ham inson salomatligi uchun katta xavf tug’dirayotgan kasallikdir. U asosan o`pka to`qimalariga zarar yetkazadi va odamdan odamga havo orqali yuqadi. Aytish mumkinki, sil har kimning eshigini taqillatishi mumkin.
Nega bugun ham dolzarb?
Har yili millionlab odamlar kasallanmoqda. Bu kasallik oqibatida ko`plab insonlar hayotdan ko`z yumadi. Sil nafaqat tibbiyot kasalligi, shu bilan birga ijtimoiy kasallik hamdir. Bundan tashqari, havo orqali yuqishi kasallikning keng tarqalishiga sharoit yaratadi. Atrofda esa bugungi zamonaviy dunyoda ovqat xilma- xilligi ko`p bo`lishiga qaramasdan, ulardan inson organizmiga foydalisi kamligi tufayli bugun odamlar immunitetining pasayishi, aholi orasida kasalliklarga moyillikning ortishiga sabab bo`lmoqda.
Silni davolasa bo`ladimi?
Ha, albatta. Sil – butunlay davolasa bo`ladigan kasallik. Faqat bemor dori-darmonlarni vaqtida va to`liq ichishi, sog’lig’ini nazorat qilib borishi zarur. Har qanday uzilish, shifokor ko`rsatmalariga zid harakatlar kasallikni yanada kuchaytiradi. Quvonarli tomoni, davlatimiz bunday bemorlarga befarq emas. Hududiy poliklinikalar tomonidan sil bemorlari bepul dori-darmonlar bilan ta’minlanadi.
Silni erta aniqlash muhim. Buning uchun doimiy ravishda flyurografiya tekshiruvlaridan o`tib turish, uzoq muddatli yo`tal, balg’amli yo`tal kuzatilishi bilan hududiy umumiy amaliyot shifokori ko`ruviga uchrash, shifokor ko`rsatmasiga binoan balg’am tekshiruvidan o`tish lozim. Bu kasallikdan qo`rqish emas, uni o`z vaqtida aniqlash va davolash kerak. Har bir fuqaro o`z sog’lig’iga befarq bo`lmasligi, ushbu kasallik bilan kasallangan fuqarolar esa yaqinlari va jamiyatni xavf ostiga qo`yadigan harakatlar qilmasligi, shifokor ko`rsatmalariga rioya etishlari zarur. O`zingiz va atrofdagilar sog’lig’iga befarq bo`lmang.
Gulzoda TILLABOYEVA,
tuman SEO va JSB epidemiolog vrachi,
Bahodir RAHIMOV,
vrach yordamchisi.

