TOZA HAVO – INSON SALOMATLIGI GAROVI

Atmosfera havosini avtomobil vositalaridan chiqayotgan zararli moddalardan muhofaza etish katta shaharlar oldida turgan global muammolardan biri sanaladi. Zararli moddalarni kamaytirish uchun turli texnologik jarayonlarni qo’llagan holda ko’zlangan maqsadga erishish mumkin. Masalan, motor silindrlarida paydo bo’ladigan zaharlar kuchini neytralizatorlar yordamida neytrallash yoki har qanday yoqilg’ining to’liq yonishini ta’minlaydigan motorlar ishlab chiqarish, shaharning gavjum joylarida yer osti yo’llarini qurish, ravon magistral yo’llarni ko’paytirish, chorrahalarda transport oqimining to’xtab qolishiga yo’l qo’ymaslik, loyiha asosida yo’l bo’ylariga ko’chatlar ekish, irrigatsiya shoxobchalarini rivojlantirish va boshqa tadbirlarni amalga oshirish lozim. Eski avtomobillardan foydalanishni taqiqlash yoki ulardan havoga ajralib chiqadigan zararli moddalarning me’yoridan oshmasligini ta’minlash maqsadga muvofiq. Bugun avtomobil transportining sog’ligini qat’iy nazorat qilishni davrning o’zi talab etmoqda.
Buning oldini olish maqsadida benzinga tetraetil moddasini qo’shmaslik yoki kamroq qo’shishni nazarda tutuvchi texnologiyani ishlab chiqish maqsadga muvofiqdir. Hozirda havoga ajralib chiqayotgan azot oksidining 30-60 foizi, is gazi va karbonat angidiridning 40-90 foizi, qo’rg’oshinning 35-95 foizi, qattiq zarrachalarning 10 foizi, SO2 va kanserogen moddalarning 5 foizi bevosita avtotransport vositalari hissasiga to’g’ri keladi.
Tumanda mavjud avtotransport vositalarining asosiy qismi shaxsiy avtoransport vositalari hisoblanadi. Transport vositalaridan atmosferaga chiqariladigan ifloslantiruvchi moddalar miqdori transportlar sonining ortishi bilan yildan yilga ortib bormoqda, lekin transport vositalarini tabiiy gazga o’tkazilishi natijasida transport vositalaridan chiqarilayotgan ifloslantiruvchi moddalar miqdori sezilarli kamayayotganligini ko’rsatmoqda.
O’ylaymizki, transport vositasiga ega bo’lgan tumanimizdagi barcha haydovchilar muntazam ravishda o’zi boshqarayotgan transport vositasining soz holda bo’lishini hamda ekologik talablarga javob berishini ta’minlaydilar, transport vositalaridan chiqayotgan chiqindi gazlarning ruxsat etilgan me’yordan ortishiga yo’l qo’ymaydilar.
Biz nafas olayotgan havo musaffo bo’lsa, uning tarkibi ekologiya va sanitariya qoidalari talablariga javob bersagina fuqarolarimizning qulay atrof-muhitga bo’lgan huquqini taminlagan bo’lamiz.
A.AZIMOV,
ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o’zgarishi tuman bo’limi bosh mutaxassisi.