YONG’IN XAVFSIZLIGINI TA’MINLASH — HAR BIRIMIZNING BURCHIMIZ
Yong‘in xavfsizligini ta’minlash bugungi kunda korxona, tashkilot va xonadonlar uchun eng muhim vazifalardan biridir. Yong‘in sodir bo‘lishi nafaqat moddiy zarar, balki inson hayoti uchun ham katta xavf tug‘diradi. Shuning uchun har bir joyda yong‘inning oldini olish, xavfli holatlarni barvaqt aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha aniq choralar belgilanadi. Yurtimizda 2025-yil 1-dekabrdan 30-dekabrgacha o’tkazilayotgan Yong’in xavfsizligi oyligida “IES” AJ To’raqo’rg’on IES filiali Gidrotexnik inshootlari sexi xodimlari xam na’munali tarzda ishlarni olib bormoqda. Birinchi navbatda, binolarda elektr jihozlaridan to‘g‘ri foydalanish, ortiqcha yuklanishga yo‘l qo‘ymaslik, nosoz simlar yoki rozetkalarni o‘z vaqtida almashtirish lozim. Yong‘inga qarshi asosiy vositalar — o‘t o‘chirgichlar, qum qopchalari, suv manbalari va yong‘in signalizatsiyasi doimo soz holatda bo‘lishi zarur. Ularning joylashgan joyi belgilangan, ulardan foydalanish bo‘yicha xodimlar muntazam o‘qitilgan bo‘lishi kerak.
Aholi va xodimlar o‘rtasida yong‘in madaniyatini oshirish, muntazam ravishda profilaktik tushuntirish ishlari olib borish ham yong‘in xavfini kamaytiradi. Yong‘in sodir bo‘lgan taqdirda esa birinchi navbatda odamlarni xavfsiz joyga olib chiqish, tezkor ravishda 101 raqamiga xabar berish va mavjud o‘t o‘chirish vositalaridan to‘g‘ri foydalanish zarur.
Boburbek ERGASHEV,
GTI sexi boshlig’i o’rinbosari.

