UYCHIDA NAVRO‘Z SAYLI

Navro’z – yashnash, yasharish bayrami, tabiatning uyg’onishi bilan bog’liq yangi kunning boshlanishidir. Butun mamlakatimizda Navro’ziy kayfiyat hukmron, bayram shukuhi kezib yuribdi.
21-mart kuni tuman markazidagi «Mustaqillik bog’i»da ham bayramga bag’ishlangan «Navro’zni ulug’lash insonni ulug’lashdir!» ezgu g’oyasi ostida milliy an’analarimiz, qadriyatlarimizni aks ettiruvchi sayl o’tkazildi.
Bayram shodiyonasi keng miqyosda nishonlanib, saylda milliy raqslar, bahoriy kuy-qo’shiqlar kuylandi. Milliy qadriyatlarimiz, xalq o’yinlari, sport musobaqalari, sumalak sayli, badiiy sahna ko’rinishlari-yu aytilgan she’rlar barchaga ajib xush kayfiyat va tabassum ulashdi.
Navro’z saylida mahalla fuqarolar yig’inlari raislari, yoshlar yetakchilari palov tayyorlashdi. Xotin-qizlar faollari sumalak tayyorlab, bayram qatnashchilariga ulashdilar. Tumangaz filiali jamoasi esa palov bilan birga 12 metrli kabob tayyorlab, barchani hayratga soldi.
Navro’z tantanasida tuman hokimi, tuman Kengashi deputati Muzaffar Abdullayev so’zga chiqib, barchani bayram bilan samimiy tabrikladi. «Mahalla tizimi xodimlari kuni» munosabati bilan Bo’ston, Tepasaroy, Quvurboshi, Keskanyor MFYlari jamoalariga 50 million so’mlik, «mahalla yettiligi» a’zolaridan yetti nafariga 10 million so’mlik, Navro’z saylini o’tkazishdagi faolligi uchun tuman madaniyat bo’limiga 50 million so’mlik vaucherlar, kuz-qish mavsumining betalafot yakunlanishida samarali faoliyat olib borgan kommunal soha xodimlaridan bir guruhiga tuman hokimining «Tashakkurnoma»si va esdalik sovg’alari topshirildi.
Tadbirda el suygan san’atkorlar, estrada xonandalari Otabek Muhammadzohid, Sardor Toyirov, O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan artist Mehri Abdullayeva hamda tuman madaniyat bo’limi xonandalari tomonidan ijro etilgan kuy-qo’shiqlar yig’ilganlarga quvonch bag’ishladi.