SHARTNOMALARNI TAYYORLASHDA KICHIK BIR TAVSIYA
Shartnoma loyihasini tayyorlagan taraf bo’lg’usi hamkorlariga nisbatan doimo ustunroq vaziyatda bo’ladi.
Tashabbus doimo shartnoma loyihasining muallifi tomonidadir. Shuning uchun boshqa tarafning shartnomasini o’z manfaatlaringizga moslashtirishga to’g’ri keladi, lekin keyinchalik bu imkoniyat boy berilishi mumkin. Aynan shuning uchun shartnoma loyihasini o’zingiz ishlab chiqishingiz lozim.
Agar hamkor o’z shartnoma loyihasini tayyorlagan bo’lsa, uning barcha shartlarini tegishli qonun hujjatlariga solishtirgan holda diqqat bilan o’rganib chiqish lozim va zarur bo’lsa, qarshi taraf bilan birgalikda muhokama qilish va kelishish uchun o’zining muqobil shartnoma nusxasini tayyorlash kerak.
Aniq bir shartnomaning loyihasini tegishli soha mutaxassislari tuzishlari zarur. Shartnoma loyihasini tegishli bilimga ega bo’lgan mutaxassis yohud huquqshunos, huquqshunos bo’lmagan taqdirda esa, jalb etilgan advokat tayyorlagani ma’qul.
“Xo’jalik yurituvchi sub’ektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi to’g’risida”gi Qonunning 20-moddasi talablariga muvofiq, xo’jalik shartnomasi sub’ektlariga yuridik xizmat ko’rsatish ularning yuridik xizmatlari yoki ana shu maqsadda shartnoma asosida jalb etilgan huquqshunoslar tomonidan amalga oshirilishi belgilangan.
Shartnomaning har bir tarafi boshqa tarafning daromad olishi uchun qayg’urmaydi, bu oddiy biznes qoidasi, shartnomani o’zining manfaatlariga mos ravishda tuzishga harakat qiladi, ikkinchi tarafning manfaatlarini esa, shunchaki yuzakigina hisobga oladi.
Shuning uchun shartnoma loyihasi aynan biz maslahat berayotgan yurist yoki malakali mutaxassis tarafidan tayyorlanmasa, hamkor o’zi tayyorlagan shartnomani o’z manfaatlariga moslashtirishga ulgurgan bo’ladi, natijada bizning hurmatli obunachimiz faoliyat yuritayotgan tashkilot tomonidan tashabbus ko’rsatish imkoniyati boy berilgan bo’ladi.
Bu kabi vaziyatlarning oldini olish maqsadida, tuzilayotgan har bir shartnoma loyihasini shu shartnoma mazmuni bo’yicha mutaxassis va yuristning ishirokida tayyorlash lozim.
Shokirjon DADABOYEV,
tuman adliya bo’limi YXKM bosh yuristkonsulti.

