TA’TIL BUYRUG’INI 15 KUN OLDIN CHIQARILSA BO’LADIMI ?

Mehnat kodeksining 228-moddasiga asosan xodim har yilgi mehnat ta’tili beriladigan vaqt to’g’risida ta’til boshlanishidan kamida 15 kun oldin xabardor qilinishi kerak. Ya’ni, ikkinchi va keyingi ish yillarida ishlayotgan (aniqrog’i, shu tashkilotda ish boshlaganidan bir yildan o’tgan barcha xodimlar)ga mehnat ta’tili berayotganda, ish beruvchi bu xodimni kamida 15 kun oldin xabardor qilishi lozim. Qanaqa qilib deysizmi? Albatta yozma shaklda. Bu albatta majburiyat. Agar bu talab bajarilmayotgan bo’lsa, tekshiruvchilar jiddiy olishi ham mumkin. Bu talabga rioya qilish uchun bir xil ish beruvchilar xodimga 15 kun oldin ogohlantirish xati yoki yozma xabarnoma beradi. Bunda ogohlantirish xatini 2 nusxada chiqarib, bir nusxasini xodimga berib, ikkinchi nusxasiga “falon sanada oldim” deb imzo qo’ydirish kerak. To’g’risi, bu variantni ortiqa hujjatbozlik deb bilamiz. Ba’zida, ta’til jadvalida “ta’tilga ketish haqida ogohlantirilganligi” deb nomlangan alohida ustun ochib, shu joyga xodimning 15 kun oldingi sana bilan imzo qo’ydirishni tavsiya qilamiz. Bu ham bir variant. Lekin, ta’til jadvalingizda bunaqa ustun bo’lmasachi? Demak, muammo. Yana bitta variant bor. Xodimga har yilgi mehnat ta’tili berish haqida kamida 15 kun oldin buyruq chiqarib, xodimga o’sha buyruqni tanishtirsangiz ham bo’ladi. Shunda bitta buyruq bilan xodimni ham 15 kun oldin xabardor qilasiz, ham mehnat ta’tili berasiz. O. BOYXONOV, D.TEMIROV, tuman adliya bo’limi YXKM bosh yuristkonsultlari.